TMUda mehnat huquqi, ta’tillar va amaliy nizolarga bag‘ishlangan mahorat darsi o‘tkazildi
12-oktabr, dushanba kuni Tashkent Metropolitan University (TMU)da «Mehnat huquqi: ta’tillar, ularning turlari va amaliy nizolar» mavzusida mahorat darsi bo‘lib o‘tdi.
Mashg‘ulotni «Yurist and Kadr» nodavlat notijorat tashkilotining yuristi, advokati va mehnat huquqi bo‘yicha eksperti Xumoyun Soyipov olib bordi. Talabalarga mo‘ljallangan tadbir mehnat huquqi normalarining amaliyotda qanday qo‘llanilishiga bag‘ishlandi.
Tashkilotchilarning ma’lumotiga ko‘ra, dastur doirasida mehnat qonunchiligida nazarda tutilgan ta’til turlari, xodimlarning ta’til bilan bog‘liq huquq va majburiyatlari, ta’tillarni huquqiy tartibga solish hamda tegishli normalarni qo‘llashda yuzaga keladigan amaliy masalalar ko‘rib chiqildi. Shuningdek, hayotiy misollar asosida real mehnat nizolari tahlil qilinib, yakunda savol-javob sessiyasi tashkil etildi.
Mahorat darsidan ko‘zlangan maqsad talabalarga mehnat huquqi nazariyasini amaliy bilimlar bilan boyitish, xodimlarning ta’til olish huquqlari va ushbu masala bilan bog‘liq nizolarni hal etish usullari haqida tushuncha berishdan iborat bo‘ldi.