← Barcha yangiliklar

Tashkent Metropolitan University va Malayziya Putra universiteti qo'shma ta'lim dasturlari va akademik mobillikni muhokama qildi

Muallif Anvar Umarov , Head of Marketing and PR Unit
Tashkent Metropolitan University and Universiti Putra Malaysia Discuss Joint Degree Programmes and Academic Mobility

Tashkent Metropolitan University (TMU) va Malayziya Putra universiteti (Universiti Putra Malaysia, UPM) hamkorlikni rivojlantirishda davom etmoqda. Tomonlar bakalavriat va magistratura bo'yicha qo'shma dasturlarni ishga tushirish hamda akademik mobillik masalalarini muhokama qildi.

UPM Ta'lim tadqiqotlari fakulteti dekani, dotsent doktor Wan Marzuki Wan Jaafar TMUga tashrif buyurdi. Mehmonni TMU akademik masalalar bo'yicha vitse-prezidenti Aziz Islamxo'jayev hamda TMU San'at va gumanitar fanlar maktabi va Foundation dasturlari asoschi dekani Munisa Muxtarova kutib oldi.

Tashrif TMU va UPM o'rtasida 2026-yil 15-sentabrda imzolangan o'zaro anglashuv memorandumidan so'ng amalga oshirildi. Hujjat akademik va ilmiy hamkorlik, jumladan, doktorantlar (PhD) tayyorlash sohasidagi hamkorlik doirasini belgilaydi.

Uchrashuv davomida mehmon TMUning ta'lim dasturlari va faoliyati bilan tanishtirildi, TMU vakillari esa UPM va uning dasturlari haqida ma'lumot oldi.

Tomonlar ta'lim sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish bo'yicha keyingi qadamlarni muhokama qildi, jumladan:

  • bakalavriat va magistratura bo'yicha qo'shma dasturlarni ishga tushirish;
  • talabalar va o'qituvchilar mobilligini rivojlantirish;
  • yozgi maktablar tashkil etish;
  • imzolangan memorandum doirasida PhD tayyorlash bo'yicha hamkorlikni kengaytirish.
"Malayziya Putra universiteti bilan memorandum birinchi qadam bo'ldi. Hozir biz talabalar bevosita his qiladigan aniq formatlar ustida ishlayapmiz: qo'shma dasturlardan tortib xorijdagi semestrlar va doktoranturagacha. O'zbekiston yoshlari uchun bu o'z universitetidan ajralmagan holda Osiyoning yetakchi tadqiqot universitetlaridan biri akademik standartlaridan foydalanish imkoniyatidir", — dedi TMU akademik masalalar bo'yicha vitse-prezidenti Aziz Islamxo'jayev.

Hamkorlik O'zbekistondagi talabalarga dunyoning yetakchi universitetlaridan biri bilan hamkorlikda xalqaro miqyosda tan olingan ta'lim olish uchun yangi imkoniyatlar ochadi.

Malayziya Putra universiteti (UPM) Selangor shtatining Serdang shahrida joylashgan davlat tadqiqot universitetidir. U Malayziyaning 1971-yilgi Universitetlar va universitet kollejlari to'g'risidagi qonuniga muvofiq tashkil etilgan. Dastlab qishloq xo'jaligi fanlariga ixtisoslashgan Malayziya qishloq xo'jaligi universiteti (Universiti Pertanian Malaysia) sifatida ochilgan universitet vaqt o'tib ko'p tarmoqli tadqiqot universitetiga aylandi. QS World University Rankings 2026 reytingida UPM 134-o'rinni egalladi, bu bir yil avvalgi 148-o'rindan yuqori. Ta'lim tadqiqotlari fakulteti 48 yildan beri faoliyat yuritadi. UPM professor-o'qituvchilarining 98 foizi doktorlik darajasiga ega, universitetning hamkorlari esa olti qit'ada joylashgan.